Korrupsiyaga qarshi davlatlar guruhi (fransuzcha: groupe d’États contre la corruption, GRECO) Yevropa Kengashining korrupsiyaga qarshi monitoring organi bo‘lib, uning qarorgohi Strasburgda (Fransiya) joylashgan. U 1999-yilda Yevropa Kengashiga a’zo 17 ta davlatning kengaytirilgan qisman kelishuvi asosida tashkil etilgan.
Yevropa bo‘lmagan davlatlar uchun ham ochiq bo‘lgan GRECO hozirda 49 a’zoga ega (47 ta Yevropa davlati, Qozog‘iston va AQSh). 2010-yil avgustdan beri Yevropa Kengashining barcha a’zolari GRECO tarkibiga kiradi. GRECOga a’zolik faqat Yevropa Kengashiga a’zo davlatlar bilan cheklanmaydi. Kengaytirilgan qisman bitimni ishlab chiqishda ishtirok etgan har qanday davlat Yevropa Kengashi Bosh kotibiga xabar berish orqali unga qo‘shilishi mumkin. Bundan tashqari, Yevropa Kengashining Korrupsiya bo‘yicha jinoiy yoki fuqarolik huquqi konventsiyalariga a’zo bo‘lgan har qanday davlat avtomatik ravishda GRECO va uning baholash tartib-qoidalariga qo‘shiladi. Uning barcha a’zo davlatlari GRECO a’zosi bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqining o‘zi a’zo emas, biroq u 2019-yilda kuzatuvchi maqomini oldi. 2024-yil may oyida GRECO Yevropa Ittifoqi institutlarini to‘laqonli a’zo bo‘lishga chaqirdi. GRECO prezidenti buni “iroda masalasi” deb ta’kidladi.
GRECO Kotibiyati 2008-yilda qurilgan Yevropa Kengashining “Agora” binosida joylashgan.
GRECOning 2019-yildagi tavsiyalaridan Serbiya, Turkiya va Slovakiya birortasini ham to‘liq amalga oshirmagan bo‘lsa, Norvegiya eng yuqori natijani ko‘rsatdi. Deputatlar o‘rtasida korrupsiyani kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar esa eng kam bajarilgani bo’ldi (27 foiz). GRECO prezidenti press-relizda shunday degan: “Bu holat, asosan, odamlarning siyosatga bo‘lgan ishonchi nega pastligini tushuntiradi; agar siyosatchilar halollik va axloqiy me’yorlarga rioya etish darajasini oshirmasa, bu ishonch yanada pasayadi”.
Maqsad
GRECOning maqsadi o‘zaro baholash va tengdoshlar bosimi orqali Yevropa Kengashining korrupsiyaga qarshi standartlariga rioya etilishini nazorat qilib, a’zolarining korrupsiyaga qarshi kurashish qobiliyatini oshirishdir. U milliy korrupsiyaga qarshi siyosatdagi kamchiliklarni aniqlash orqali zarur qonunchilik, institutsional va amaliy islohotlarni rag‘batlantiradi. GRECO alohida a’zo davlatlarda korrupsiya holatlarini o‘lchash vakolatiga ega emas. Bu muhim masala bilan shug‘ullanish uchun boshqa tashkilotlar yaxshiroq moslashgan. Masalan, Transparency International (TI) har yili Corruption Perceptions Indexni (“Korrupsiyani idrok etish indeksi” CPI) e’lon qiladi. Bu indeks ekspertlar baholari va jamoatchilik fikri so‘rovlari asosida 150 dan ortiq mamlakatni korrupsiya darajasi bo‘yicha reytinglaydi. Bundan tashqari, TI Global korrupsiya barometri va Pora beruvchilar indeksi kabi maxsus hisobotlar ham chiqaradi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, BMT, ICPO-Interpol, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) hamda Jahon banki GRECO tashkil etilishiga olib kelgan tayyorgarlik ishlarida ishtirok etgan. Bu sohada samarali monitoring mexanizmlari zarurligi ushbu tashkilotlar tomonidan keng tan olingan. Ular Yevropa Kengashi boshchiligida o‘tkazilgan muzokaralarga hissa qo‘shgan va bu oxir-oqibat GRECOning tashkil etilishiga olib kelgan.
GRECO monitoringi ikki bosqichdan iborat: baholash va muvofiqlikni tekshirish jarayonlari. Baholash jarayoni asosan so‘rovnomalar va joylarga tashriflar orqali to‘plangan ma’lumotlarga asoslanadi. Muvofiqlikni tekshirish jarayoni esa a’zolar tomonidan GRECO tavsiyalarini amalga oshirish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlarni baholashga qaratilgan. Joylarga tashriflar davomida davlat amaldorlari, fuqarolik jamiyati vakillari, olimlar va boshqa ko‘plab suhbatdoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.