Korrupsiyaga qarshi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasi (United Nations Convention Against Corruption, UNCAC) — korrupsiyaga qarshi kurash sohasida huquqiy jihatdan majburiy kuchga ega yagona xalqaro ko‘p tomonlama shartnoma hisoblanadi. Ushbu hujjat BMT a’zolari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, 2003-yil oktyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan va 2005-yil dekabr oyida kuchga kirgan. Konvensiya korrupsiyaga qarshi kurashda profilaktik va jazolovchi choralarning muhimligini tan oladi hamda korrupsiyaning transmilliy xususiyatini inobatga olgan holda xalqaro hamkorlik va korrupsiyadan olingan daromadlarni qaytarish bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga oladi. Vena shahrida joylashgan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi (UNODC) UNCAC uchun Kotibiyat vazifasini bajaradi. UNCACning asosiy maqsadi mamlakatlararo chegaralarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli shakldagi korrupsiya holatlarini, jumladan, boshqa mansabdor shaxs qaroriga noqonuniy ta’sir o’tkazish orqali foyda olish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, shuningdek xususiy sektordagi o‘zlashtirish va pul yuvish kabi jinoyatlarni kamaytirishdir. Konvensiyaning yana bir maqsadi xalqaro huquqni muhofaza qilish organlari va sud tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, xorijda yashirin aktivlarni aniqlash va qaytarish uchun samarali huquqiy mexanizmlarni yaratishdir.
Konvensiyaga a’zo davlatlar, ya’ni konvensiyani ratifikatsiya qilgan mamlakatlar jinoyat ishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishlari, shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq fuqarolik va ma’muriy ishlarni tergov qilish hamda ko‘rib chiqishda bir-birlariga yordam berish masalasini ko‘rib chiqishlari kutiladi. Konvensiya, shuningdek, hisobdorlik jarayonlariga fuqarolik jamiyati va nodavlat tashkilotlarning ishtirokini ta’minlashni talab qiladi hamda fuqarolarning axborotga ega bo‘lish huquqining muhimligini alohida ta’kidlaydi.
UNCACni amalga oshirish va monitoring mexanizmi.
UNCACning 63-moddasi 7-qismiga muvofiq, “Konferensiya zarur deb hisoblagan taqdirda, Konvensiyani samarali amalga oshirishga ko‘maklashuvchi har qanday mos mexanizm yoki organni tashkil etadi”. Konferensiyaning birinchi sessiyasida ochiq tarkibli hukumatlararo ekspertlar guruhi tuzilib, unga mos mexanizm bo‘yicha Konferensiyaga tavsiyalar ishlab chiqish topshirilgan. Shuningdek, ko‘lam jihatidan cheklangan ixtiyoriy “Pilot Review Programme” (tajribaviy tekshiruv dasturi) ishga tushirilgan bo‘lib, u UNCACning bajarilishini nazorat qilishning mumkin bo‘lgan usullarini sinab ko‘rish imkonini bergan. Dastur orqali sinovdan o‘tkazilgan mexanizmlarning samaradorligi va natijadorligi baholangan hamda Konferensiyaga o‘rganilgan saboqlar va to‘plangan tajribalar yuzasidan ma’lumot taqdim etilgan. Shu orqali Konferensiya UNCACni amalga oshirish uchun eng mos monitoring mexanizmini belgilashda asosli qaror qabul qilish imkoniga ega bo‘lgan.
2009-yil noyabr oyida Dohada o‘tkazilgan uchinchi sessiyada Konferensiya UNCACni amalga oshirishni ko‘rib chiqish bo‘yicha 3/1-sonli rezolyutsiyani qabul qilgan bo‘lib, unda Amalga oshirishni ko‘rib chiqish mexanizmi (IRM) uchun mandat belgilab berilgan. Ushbu mexanizm mamlakatlarga UNCAC maqsadlariga erishishda o‘zaro tajriba almashish jarayoni orqali yordam berishga qaratilgan. IRM mexanizmi UNCAC imkoniyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, chunki u mamlakatlarga o‘zlarining amalga oshirish darajasini baholash, bo‘shliqlarni aniqlash, va milliy darajada amalga oshirishni kuchaytirish bo‘yicha harakat rejalari ishlab chiqish imkonini beradi. Bunda keng qamrovli o‘z-o‘zini baholash so‘rovnomasi asos sifatida qo‘llaniladi. BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi ushbu monitoring mexanizmining Kotibiyati sifatida faoliyat yuritadi. Mandatda davlatlarning UNCACni amalga oshirishini o‘zaro baholash tartiblari va jarayonlari, shu jumladan Amalga oshirishni ko‘rib chiqish guruhi deb nomlanuvchi nazorat organining tuzilishini ham o‘z ichiga oladi.