“WikiMarafon” loyihasi doirasida tashkil etiladigan “WikiSfera II” oromgohi to‘g‘risidagi
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur Nizom “WikiMarafon” loyihasi doirasida “WikiSfera” oromgohining 2-mavsumini (keyingi o‘rinlarda Oromgoh deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi:
1.2. Ushbu Oromgohdan asosiy maqsad Vikipediya onlayn ensiklopediyasining O‘zbek tilidagi bo‘limida mavjud maqolalar soni va sifatini oshirish.
1.3. Oromgohni yuqori saviyada o‘tkazish uchun O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi masʼul tashkilot etib belgilanadi.
1.4. Tashkiliy qo‘mita Oromgoh nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatiga ega.
II. Oromgohning maqsad va vazifalari
2.1. Mazkur Oromgoh Vikipediya onlayn ensiklopediyasining O‘zbek tilidagi bo‘limida mavjud maqolalar soni va sifatini oshirish maqsadida tashkil etiladi.
2.2. Oromgohni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:
2.2.1. Ishtirokchilarga Vikipediya onlayn ensiklopediyasining mazmuni, ishlash tamoyillari va imkoniyatlari haqida tushuncha berish.
2.2.2. Ishtirokchilarda tahrirlash madaniyatini shakllantirish.
2.2.3. Yoshlarning axborot izlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish.
2.2.4. Ishtirokchilarga Vikipediya onlayn ensiklopediyasining O‘zbek tilidagi bo‘limiga maqola joylashni o‘rgatish.
III. Oromgohni tashkil etish va o‘tkazish tartibi
3.1. Oromgohni tashkil etish va uni o‘tkazish vazifasi Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga yuklatiladi.
Yoshlar ishlari agentligi:
3.1.1. Oromgohni o‘tkazish borasida qaror qabul qiladi;
3.1.2. Oromgohning asosiy bosqichlari va tartib-qoidalari haqida ishtirokchilarni xabardor qiladi;
3.1.3. Barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlarni yaratadi;
3.1.4. Oromgohni o‘tkazish borasida oshkoralikni taʼminlaydi;
3.1.5. Muddatidan oldin Oromgohga saralash natijalari haqida maʼlumotlar tarqalishining oldini olish choralarini ko‘radi;
3.1.6. Oromgoh ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etadi;
3.1.7. Mazkur Nizomga asoslangan holda Oromgohning o‘tkazilishini tashkil etadi.
3.2. Saralash:
3.2.1. Oromgohda ishtirok etmoqchi bo‘lgan nomzodlar maxsus telegram bot (@WikiTanlov_bot WikiMarafon jamoasi tomonidan tayyorlanadi) orqali ro‘yxatdan o‘tib, 5 nafar do‘stini taklif qilishi va berilgan anketani batafsil to‘ldirishlari kerak.
3.2.2. Saralash ikki bosqichda amalga oshriladi:
Birinchi bosqichda arizalar ko‘rib chiqiladi;
Ikkinchi bosqichda suhbat o‘tkaziladi.
3.2.3. Talabgorlar o‘zlarining shaxsiy qiziqishlari, faoliyati hamda oromgohda ishtirok etish bo‘yicha maqsadlarini yoritib beruvchi 200-300 so‘zdan iborat motivatsion xat yozishlari shart.
3.2.4. Motivatsion xatlar “WikiMarafon” loyihasining tashkiliy jamoasi tomonidan qabul qilinib, baholanadi.
3.2.5. Oromgohga 16 va undan yuqori yoshdagi talabgorlardan arizalar qabul qilinadi.
3.2.6. Oromgoh uchun qabul 2026-yil 20-maydan 2026-yil 20-iyunga qadar davom etadi.
3.2.7. Talabgorlarda quyidagi sertifikatlardan biri bo‘lishi shart. Sertifikatlarga quyidagi talablar qo‘yiladi.
xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy sertifikat (ingliz tilidan B2);
xalqaro sertifikat (IELTS 6);
o‘zbek tili va adabiyoti fani bo‘yicha B+ darajadagi milliy sertifikat.
sertifikatlarning barchasi bitta faylda yuklanishi lozim.
3.2.8. Ariza yuborish uchun bir marotaba imkon beriladi.
3.2.9. Ishtirokchilar oromgohga o‘zlari bilan noutbuk olib kelishi shart.
3.2.10. “WikiSfera” oromgohining 1-mavsumiga qabul qilingan ishtirokchilar
2-mavsumda qatnasha olmaydi.
Izoh: 1-mavsumdagi faolligi uchun 2-mavsumga yo‘llanma olgan 10 nafar ishtirokchi va Vikipediyaning faol foydalanuvchilari bundan mustasno.
3.2.11. Oromgohga yo‘llanma olgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan ishlab chiqilgan Odob-axloq kodeksiga rioya qilishlari shart.
3.3. Targ‘ibot tanlovi:
3.3.1. Telegram bot orqali belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan ishtirokchilar bot taqdim qiladigan maxsus havolani doʻstlariga ulashish orqali targʻibot tanlovida qatnashishi mumkin.
3.3.2. Ishtirokchilarga har bir taklif qilgan doʻsti uchun 1 referal ball beriladi.
3.3.3. Targ‘ibot tanlovi 20-maydan 20-iyunga qadar davom etadi.
3.3.4. Targ‘ibot tanlovi natijalari bo‘yicha 1-3-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar “WikiSfera” oromgohining 2-mavsumi uchun yo‘llanmaga ega bo‘ladi.
3.4. Tashkil etilishi:
3.4.1. Oromgoh Bo‘stonliq tumanida joylashgan Yoshlar oromgohida 6 kun davomida tashkil etiladi.
3.4.2. Saralashdan o‘tgan ishtirokchilarning barcha xarajatlari tashkilot tomonidan qoplab beriladi (Viloyatdan keladigan ishtirokchilarning Toshkent shahriga kelish va qaytish xarajatlari bundan mustasno).
IV. Yakuniy qoidalar
4.1. Oromgoh tashkil etilishi davomida tashkilotchilar ishtirokchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatishini (onlayn yuborishini) talab qilish hamda ular bilan videochat yoki telefon orqali qo‘shimcha savol-javob o‘tkazish vakolatiga ega.
4.2. Ishtirokchilar oromgoh yakunida maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanadi.
4.3. Oromgoh davomida nizomda koʻrsatilmagan holatlar yuzaga kelsa, tashkiliy jamoa yakuniy qarorni qabul qiladi.