"WikiSfera" oromgohi nizomi

16 Mart, 2026
10288 koʻrilgan

“WikiMarafon” loyihasi doirasida tashkil etiladigan “WikiSfera” oromgohi 1-mavsumi to‘g‘risidagi NIZOM

“WikiMarafon” loyihasi doirasida tashkil etiladigan “WikiSfera” oromgohi 1-mavsumi to‘g‘risidagi

NIZOM

 

I. Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur Nizom “WikiMarafon” loyihasi doirasida “WikiSfera” oromgohining 1-mavsumini (keyingi o‘rinlarda Oromgoh deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi:

1.2. Ushbu Oromgohdan asosiy maqsad Vikipediya onlayn ensiklopediyasining O‘zbek tilidagi bo‘limida mavjud maqolalar sifatini oshirish.

1.3. Oromgohni yuqori saviyada o‘tkazish uchun O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi masʼul tashkilot etib belgilanadi.

1.4. Tashkiliy qo‘mita Oromgoh nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatiga ega.

 

II. Oromgohning maqsad va vazifalari

2.1. Mazkur Oromgoh Vikipediya onlayn ensiklopediyasining O‘zbek tilidagi bo‘limida mavjud maqolalar sifatini oshirish maqsadida tashkil etiladi.

2.2. Oromgohni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:

2.2.1. Ishtirokchilarga Vikipediya onlayn ensiklopediyasining mazmuni, ishlash tamoyillari va imkoniyatlari haqida tushuncha berish.

2.2.2. Ishtirokchilarda tahrirlash madaniyatini shakllantirish.

2.2.3. Yoshlarning axborot izlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish.

 

III. Oromgohni tashkil etish va o‘tkazish tartibi

3.1. Oromgohni tashkil etish va uni o‘tkazish vazifasi Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga yuklatiladi.

Yoshlar ishlari agentligi:

3.1.1. Oromgohni o‘tkazish borasida qaror qabul qiladi;

3.1.2. Oromgohning asosiy bosqichlari va tartib-qoidalari haqida ishtirokchilarni xabardor qiladi;

3.1.3. Barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlarni yaratadi;

3.1.4. Oromgohni o‘tkazish borasida oshkoralikni taʼminlaydi;

3.1.5. Muddatidan oldin Oromgohga saralash natijalari haqida maʼlumotlar tarqalishining oldini olish choralarini ko‘radi;

3.1.6. Oromgoh ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etadi;

3.1.7. Mazkur Nizomga asoslangan holda Oromgohning o‘tkazilishini tashkil etadi.

3.2.  Saralash:

3.2.1. Oromgohda ishtirok etmoqchi bo‘lgan nomzodlar maxsus telegram bot (@WikiTanlov_bot WikiMarafon jamoasi tomonidan tayyorlanadi) orqali ro‘yxatdan o‘tib, berilgan anketani to‘ldirishlari kerak.

3.2.2. Talabgorlar o‘zlarining shaxsiy qiziqishlari, faoliyati hamda oromgohda ishtirok etish bo‘yicha maqsadlarini yoritib beruvchi 200 so‘zdan iborat esse yozishlari shart.

3.2.3. Esselar “WikiMarafon” loyihasining tashkiliy jamoasi tomonidan qabul qilinib, baholanadi.

3.2.4. Ishtirokchilar oromgohga o‘zlari bilan noutbuk olib kelishi shart.

3.2.5. Xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro sertifikatga ega talabgorlarga ustunlik beriladi.

3.2.6. O‘zbek tili va adabiyoti fani bo‘yicha milliy sertifikatga ega talabgorlarga ustunlik beriladi.

 

3.3. Tashkil etilishi:

3.3.1. Oromgoh Bo‘stonliq tumanida joylashgan Yoshlar oromgohida 6 kun davomida tashkil etiladi.

3.3.2. Saralashdan o‘tgan ishtirokchilarning barcha xarajatlari tashkilot tomonidan qoplab beriladi (Viloyatdan keladigan ishtirokchilarning Toshkent shahriga kelish va qaytish xarajatlari bundan mustasno).

 

IV. Yakuniy qoidalar

4.1. Oromgoh tashkil etilishi davomida tashkilotchilar ishtirokchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatishini (onlayn yuborishini) talab qilish hamda ular bilan videochat yoki telefon orqali qo‘shimcha savol-javob o‘tkazish vakolatiga ega.

4.2. Ishtirokchilar oromgoh yakunida maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanadi.

4.3. Oromgoh davomida nizomda koʻrsatilmagan holatlar yuzaga kelsa, tashkiliy jamoa yakuniy qarorni qabul qiladi.

 

 

 

Muallif: Gulzoda Abduhalilova

Dasturlash, texnologiya va taʻlim sohalari boʻyicha ekspert.