Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari

Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari
11 Fevral, 2026
9 koʻrilgan

Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari

 

ISO 37001 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari – Talablar va qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar — 2016-yilda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (International Organization for Standardization (ISO)) tomonidan e’lon qilingan boshqaruv tizimi standartidir. Nomidan ko‘rinib turibdiki, ushbu standart korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi (ABMS)ni yaratish, joriy etish, ishlatish, saqlab turish va doimiy ravishda takomillashtirish uchun zarur bo‘lgan talablarni belgilaydi. Shuningdek, u tashkilotlarning mazkur talablarga rioya qilishida qo‘llashi mumkin bo‘lgan amaliy yondashuvlar va choralar bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi.

Mazkur standart ISO Loyiha qo’mitasi ISO/PC 278, Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Keyinchalik ISO/TC 309 Tashkilotlarni boshqarish texnik qo‘mitasi tashkil etildi va ISO 37001 standartiga texnik xizmat ko‘rsatish hamda uning kelgusidagi rivojlantirish ishlari ushbu qo‘mita a’zolari tomonidan amalga oshiriladi.

Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi tashkilotlarga poraxo‘rlikka qarshi kurashda yordam berishni maqsad qiladi. Buning uchun u halollik, shaffoflik va qonunlarga rioya qilish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladigan tartib-taomillar, siyosatlar va nazorat mexanizmlarini joriy etishni talab qiladi.

ISO 37001 faqat poraxo‘rlik masalalariga taalluqlidir. Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi esa tashkilotning poraxo‘rlikni oldini olish, aniqlash va unga javob qaytarish bo‘yicha imkoniyatlarini kuchaytirish, shuningdek, tashkilot bajarishi lozim bo‘lgan korrupsiyaga qarshi qonunlar va majburiyatlarga rioya etishni ta’minlashga xizmat qiladi. ISO 37001 firibgarlik, kartellar, pul yuvish yoki korrupsiyaga aloqador boshqa faoliyatlarni alohida tartibga olmaydi.

Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi mustaqil alohida tizim sifatida joriy etilishi yoki, masalan, ISO 9001 Sifat menejmenti tizimi kabi allaqachon amal qilayotgan boshqaruv tizimiga integratsiya qilinishi mumkin. Tashkilot korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini sifat, atrof-muhit yoki xavfsizlikka oid boshqa tizimlar bilan birgalikda yoki ularning bir qismi sifatida joriy etishni tanlashi mumkin.

Tarixiy asos

Mazkur standart ISO texnik qo‘mitasi ISO/TC 309 tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, qo‘mitaga huquqshunos Neill Stansbury raislik qilgan. Standart birinchi marta 2016-yil 15-oktabrda nashr etilgan. Uni yaratishda Xalqaro savdo palata, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), Xalqaro shaffoflik va boshqa bir qator tashkilotlarning mavjud ko‘rsatmalari asos bo‘lgan. Shuningdek, standart AQSh Adliya vazirligi, AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi, Buyuk Britaniya Adliya vazirligi kabi yirik xalqaro tartibga soluvchilarning ko‘rsatmalarini ham o‘z ichiga olgan.

Ushbu standartni Singapur va Peru hukumatlari o‘zlarining korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari uchun qabul qilishdi. Standart, shuningdek, Shenjen Standarti — Xitoyning Shenjen shahri tomonidan 2017-yil iyun oyida nashr etilgan rasmiy korrupsiyaga qarshi standart — uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Microsoft va Walmart kabi yirik kompaniyalar ham ISO 37001 sertifikatini olish niyatini bildirganlar.

Standartning asosiy talablari

ISO 37001:2016 standarti “ISO Oliy darajadagi tuzilma (HLS)”ga asoslanadi va quyidagi 10 ta asosiy bo‘limdan iborat:

1. Qo‘llanilish sohasi

2. Normativ havolalar

3. Atamalar va ta’riflar

4. Tashkilotning konteksti

5. Liderlik

6. Rejalashtirish

7. Qo‘llab-quvvatlash

8. Faoliyat

9. Ishlash samaradorligini baholash

10. Takomillashtirish

Standart faqat boshqaruv tizimiga oid talablarga qaratilgan bo‘lib, u keng qamrovli firibgarlikka qarshi yoki korrupsiyaga qarshi umumiy standart emas. Talablarning ko‘p qismi “mos”, “maqbul”, “o‘rinli” kabi subyektiv atamalar bilan belgilangan. Shu sababli, ISO 37001 sertifikatining haqiqiy mazmuni va qiymati sertifikatlash organining ish sifati va tekshiruv chuqurligiga katta darajada bog‘liqdir.

 

Muallif: Maxmuda Bozorova

Dasturlash, texnologiya va taʻlim sohalari boʻyicha ekspert.