Indoneziya korrupsiyani kuzatish tashkiloti

Indoneziya korrupsiyani kuzatish tashkiloti
11 Fevral, 2026
2 koʻrilgan

Indoneziya korrupsiyani kuzatish tashkiloti

Indoneziya korrupsiyani kuzatish tashkiloti (ICW) — Indoneziyadagi nodavlat tashkilot bo‘lib, uning asosiy vazifasi mamlakatdagi korrupsiya holatlarini kuzatish va jamoatchilikka yetkazishdir. ICW, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va uni kamaytirish yo‘lida ta’lim, madaniyatni o‘zgartirish, sud jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash va tizimni isloh qilish kabi faoliyatlar bilan ham shug‘ullanadi. Tashkilot 1998-yil iyun oyida, Suharto hokimiyatdan ketganidan so‘ng paydo bo‘lgan hukumatlarda korrupsiyaning oldini olish maqsadida Jakartada tashkil etilgan.

ICW Indoneziyada o‘z sohasidagi eng yirik nodavlat tashkilotlardan biri sifatida katta obro‘ga ega bo‘lib, 1998-yildan beri Indoneziya va yirik xalqaro OAV tomonidan keng yoritib kelinadi. BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) ICWni “Indoneziyadagi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi eng yetakchi NNT” deb hisoblaydi. Jahon banki ham ICW tomonidan o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlarni o‘z hisobotlari va rasmiy saytida keltiradi. ICWning faoliyati va hisobotlari davlat boshqaruvi va jamiyatdagi korrupsiya haqida yozilgan yuzlab ilmiy maqolalar, kitoblar va jurnal tadqiqotlarida qo‘llanilgan.

2013-yilda Jakarta gubernatori Basuki “Ahok” Tjahaja Purnama ICWdan o‘z boshqaruvidagi davlat bo‘linmalarining faoliyatini monitoring qilishni so‘ragan. 2015-yilda esa Indoneziya politsiyasining ICW xodimlari va faollarini hibsga olishi yoki qo‘rqitish holatlari qayd etilgan. 2015-yil 2-sentyabrda Prezident Joko Vidodo ICWning sobiq rahbari Teten Masdukini o‘zining yangi ma’muriyat rahbari etib tayinladi.

Indoneziyada korrupsiya madaniyati

Indoneziyada korrupsiya juda keng tarqalgan bo‘lib, u ba’zan “odamlarga tug‘ilganidan to o‘lgunicha ta’sir qiladigan” darajada deb tasvirlanadi. Transparency Internationalning 2014-yildagi tadqiqoti (The Wall Street Journal tomonidan yoritilgan)ga ko‘ra, indoneziyalik yoshlarning 72%i shaxsiy manfaat uchun korrupsiyaga qo‘l urishga tayyor ekanini bildirgan. 2014-yilda TIning Korrupsiyani idrok etish indeksida Indoneziya 175 mamlakat orasida 107-o‘rinni egallagan. Jahon bankining 2003-yildagi tadqiqoti esa davlat xizmatchilarining 56–70%i hamkasblari tomonidan “pora oluvchi” sifatida ko‘rilganini aniqlagan. Kuchli korrupsiya muammosining sababi sifatida ayrimlar Indoneziya sobiq rahbari Suharto davrida shakllangan korrupsiya tizimini ko‘rsatsa, boshqalar bu holatni Ikkinchi jahon urushidan avval ham mavjud bo‘lgan “korrupsiya madaniyati”ning davomiyligi bilan izohlaydi.

Tarixi va roli

ICW 1998-yil 21-iyunda, Prezident Suharto iste’foga chiqqanidan atigi bir necha hafta o‘tib, ijtimoiy faol Teten Masduki, huquqshunos Todung Mulya Lubis, iqtisodchi Faisal Basri va boshqa bir qator islohotparvar shaxslar tomonidan tashkil etilgan. Tashkilotning paydo bo‘lishi Suhartodan keyingi hukumatning demokratik va korrupsiyadan xoli bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan islohotlar harakati o‘rtasida sodir bo‘lgan.

Suharto lavozimdan ketganidan so‘ng, mamlakatda markazlashgan boshqaruvdan voz kechilib, hududiy avtonomiya oshirilishi natijasida kutilganidan ko‘ra ko‘proq korrupsiya paydo bo‘lgani tezda ayon bo‘ldi. Bu yangi tizimda korrupsiya endi markazlashgan emas, balki parchalanib, turli mintaqalarda yangi mahalliy kuch markazlari va yetakchilar paydo bo‘lgani sababli aniqlash va nazorat qilish ancha murakkablashdi. Shu sharoitda ICW o‘z faoliyatini quyidagilarga qaratdi: korrupsiya holatlarini jamoatchilikka va huquqni muhofaza qilish organlariga yetkazish, milliy va mahalliy saylovlarda saylovoldi kampaniyalari va siyosiy moliyalashtirish jarayonlarini kuzatish, Axborot erkinligi to‘g‘risidagi qonun, Murojaatchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun, Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun va Saylov to‘g‘risidagi qonun kabi korrupsiyaga qarshi qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish.

E’tirof

2015-yil 6-avgustda Indoneziya korrupsiyani kuzatish tashkiloti xalqaro halollik va adolatni targ‘ib qiluvchi Allard Prize for International Integrity mukofoti uchun 100 ming Kanada dollari miqdoridagi sovrin jamg‘armasiga ega to‘rt finalchidan biri sifatida nomzod bo‘ldi. Boshqa finalchilar John Githongo, Sergei Magnitsky va Rafael Marques de Morais edi.

Muallif: Maxmuda Bozorova

Dasturlash, texnologiya va taʻlim sohalari boʻyicha ekspert.