I. Umumiy qoidalar
1.1. WikiMarafon, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida e’lon qilingan kichik grantlar tanlovi doirasida o‘tkaziladigan “WikiAntiKorrupsiya” tanlovi (matn davomida Tanlov deb yuritiladi) o‘zbekcha Vikipediyani boyitish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid bilimlarni oshirish, ingliz tiliga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, 30 ta g‘olibni tanlab olib mutlaqo bepul xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy hamda umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy sertifikat imtihonida ishtirok etish imkoni taqdim etilishi rejalashtirilgan ijtimoiy loyiha hisoblanadi.
1.2. Tanlov o‘z faoliyatini WikiMarafon jamoasi va Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida olib boradi.
1.3. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, WikiMarafon nizomi hamda ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
1.4. Tanlov o‘zining maxsus belgisi (logotip), Telegram-kanali va internet saytiga ega bo‘lishi mumkin.
II. Tanlovning maqsad va vazifalari
2.1. Ushbu tanlovni oʻtkazishdan maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusiga mazmunli va foydali maqolalar orqali O‘zbekcha Vikipediyani sifatli ma’lumotlar bilan toʻldirish;
2.2. Internet jahon axborot tarmog‘ida korrupsiyaga qarshi kurash, halollik, ochiqlik va qonun ustuvorligi tamoyillarini keng targ‘ib qilish hamda ushbu yo‘nalishda axborot resurslarini yaratish va ommalashtirish;
2.3. Yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, shu orqali ularning g‘oyalarini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashish;
2.4. 30 nafar tanlov g‘oliblarini xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy hamda umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy sertifikat imtihonida mutlaqo bepul ishtirok etishlarini ta’minlash.
III. Tanlovni oʻtkazish tartibi
3.1. Tanlov “WikiMarafon” va “Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi” tashkiliy jamoasi tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi;
3.2. Tanlov “WikiAntiKorrupsiya” nizomi qoidalari bo’yicha tashkil etiladi;
3.3. Tanlov bir bosqichda, onlayn formatda tashkil etiladi;
3.4. Loyiha davomiyligi – tanlov 11-fevraldan 21-fevralgacha davom etib, natijalar 1-martgacha e’lon qilinadi.
IV. Tanlov ishtirokchilari
4.1. Tanlovda barcha Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ishtirok etishi mumkin;
4.2. WikiMarafonning boshqa ost va yonloyihalarida qatnashayotganlar ham “WikiAntiKorrupsiya” loyihasida ishtirok eta olishi mumkin.
V. Tanlovda ishtirok etish
5.1. Mazkur tanlov yakka tartibda o’tkaziladi. “WikiAntiKorrupsiya” tanlovida ishtirok etish istagida bo‘lgan talabgorlar @WikiTanlov_bot orqali ro‘yxatdan o‘tadi (@WikiTanlov_bot WikiMarafon jamoasi tomonidan tayyorlanadi);
5.2. Ishtirokchilar telegram bot orqali belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtilgandan so‘ng, maxsus oyna orqali 40 ta testni yechishlari lozim. Testlar O‘zbekcha Vikipediyada mavjud kitoblarga oid maqolalar yuzasidan tuziladi. Test uchun umumiy 60 daqiqa vaqt beriladi. Testlar barcha ishtirokchilar uchun faqat 1 kun ya’ni 21-fevral kuni ochiladi;
5.3. Telegram bot orqali belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan ishtirokchilar bot taqdim qiladigan maxsus havolani doʻstlariga ulashish orqali tanlov targʻiboti bo‘yicha maxsus tanlovda qatnashishi mumkin;
5.4. Ishtirokchilarga har bir taklif qilgan doʻsti uchun 1 referal ball beriladi;
5.5. Tanlovning test natijalari bo‘yicha ishtirokchilarning natijalari teng kelib qolgan taqdirda, testni bajarib bo‘lgan vaqtga qaraladi. Qo‘shimcha natijalari yuqori bo‘lgan ishtirokchiga ustunlik beriladi;
5.6. Tanlovning yakuniy natijalari 10 kun muddat ichida ishtirokchilarga maʼlum qilinadi;
5.7. Tanlov davomida ishtirokchining ikki yoki undan koʻp akkauntlardan ishtirok etayotganligi aniqlansa, tanlovdan chetlatiladi va natijasi bekor qilinadi;
5.8. Tanlov uchun testlar www.wikimarafon.uz saytida hamda O’zbekcha Vikipediyada mavjud antikorrupsiyaga oid maqolalar bo’yicha tuziladi.
VI. Gʻoliblarni taqdirlash
6.1. Test natijalari bo’yicha 1-25-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy sertifikat imtihonini topshirish uchun bir martalik bepul vaucherga ega bo’ladi;
6.2. Targ’ibot tanlovi natijalari bo’yicha 1-5-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy sertifikat imtihonini topshirish uchun bir martalik bepul vaucherga ega bo’ladi;
VII. Yakuniy qoidalar
7.1. Tanlov davomida tashkilotchilar ishtirokchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatishini (onlayn yuborishini) talab qilish hamda yuqori o‘rindagi ishtirokchilarning natijalariga shubha paydo bo‘lganida ular bilan videochat yoki telefon orqali qo‘shimcha savol-javob o‘tkazish vakolatiga ega.
7.2. Tanlov davomida nizomda koʻrsatilmagan fors-major holatlar yuzaga kelsa ishchi guruh yakuniy qarorni qabul qiladi.