Shaffoflik, korrupsiyaga qarshi kurash va iqtisodiy hayotni modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun(fransuzcha: Loi relative à la transparence, à la lutte contre la corruption et à la modernisation de la vie économique), shuningdek, Sapin II qonuni nomi bilan ham tanilgan — 2016-yil noyabr oyida o‘sha paytdagi Fransiya iqtisodiyot vaziri Michel Sapin tashabbusi bilan qabul qilingan Fransiya qonuni. Ushbu qonun korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan turli sohalarni qamrab oluvchi qo‘shimcha chora-tadbirlar bilan kengaytirilgan.
Tarixi
2016-yil 30-mart kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Kengashi yig‘ilishida Iqtisodiyot va moliya vaziri Michel Sapin shaffoflik, korrupsiyaga qarshi kurash va iqtisodiy hayotni modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi. U mazkur qonun “Fransiyani shaffoflik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha eng yuqori xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishini” ta’kidlagan.
Qonun loyihasi bo‘yicha qator fuqarolik jamiyati tashkilotlari, jumladan, Anticor, Attac, BLOOM, CCFD-Terre solidaire, Collectif Roosevelt, Justice et Paix, Observatoire Citoyen pour la Transparence Financière Internationale (OCTFI), ONE, Oxfam France, ActionAid France – Peuples Solidaires, Réseau Foi et Justice Afrique, Sherpa, Solidaires Finances Publiques va Syndicat de la magistrature o‘z pozitsiyalarini bildirgan. Ular barcha tavsiyalarini jamlagan qo‘shma tahliliy bayonot ham e’lon qilgan.
Parlament muhokamalari 2016-yilning mayidan noyabrigacha davom etdi. Qonun Konstitutsiyaviy kengash nazoratidan o‘tkazilib, unda transmilliy kompaniyalarni xorijdagi faoliyati va soliq to‘lovlariga oid ma’lumotlarni oshkor qilishga majburlovchi norma bekor qilindi, lekin qonunning qolgan barcha bandlari ma’qullandi.
Qonun ayrim sharhlovchilar nazarida AQSh va boshqa davlatlar, xususan Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy urush sharoitida qabul qilingan. Bu “urush” AQShning korrupsiyaga qarshi qonunlarini xolis bo‘lmagan va ekstraterritorial (boshqa davlatlar hududiga tatbiq etiladigan) tarzda qo‘llashi orqali olib borilayotgani ta’kidlangan. Biroq Michel Sapin vaziyatga butunlay boshqacha baho bergan: “Adliya tizimi va sud politsiyasida resurslar yetishmaydi. Natijada “birov ko‘rmasa, javobgarlik yo‘q” degan holat yuzaga keladi va AQSh yoki Buyuk Britaniya kabi davlatlar bizning o‘rnimizga jazolash ishlarini amalga oshirmoqda. Bu esa na obro‘miz, na suverenitetimiz uchun yaxshi”.
Korrupsiyaga qarshi kurash
Qator xalqaro maydonlarda, xususan 2012 va 2014-yillarda OECD doirasida Fransiya xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘z qonunlarini yetarli darajada qo‘llayotgan davlat sifatida baholanmagan. Sapin II qonuni ushbu yo‘nalishda Fransiyaning institutsional tizimini sezilarli darajada kuchaytirdi. Bu masala ayniqsa dolzarb edi, chunki “fransuz kompaniyalari xalqaro bozorlarda faol ishtirok etadi va korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan qator sohalarda yetakchi o‘rinlarni egallaydi”.
Fransiya Antikorrupsiya agentligi tuzilishi
Mazkur qonun Adliya vaziri va Budjet vaziriga bo‘ysunadigan milliy organ – Fransiya Antikorrupsiya agentligi (French Anti-Corruption Agency (AFA)) tuzilishini belgilab berdi. Uning asosiy vazifasi — vakolatli organlar hamda ular bilan hamkorlik qiluvchi subyektlarga korrupsiya, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, davlat mablag‘larini talon-taroj qilish va favoritizm holatlarini oldini olish hamda aniqlashda ko‘maklashishdan iborat. AFA keng vakolatlarga ega bo‘lib, ayniqsa maslahat berish va nazorat olib borish bilan shug’ullanadi. Agentlik davlat va xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Fransiyaning muhim strategik institutiga aylanishi ko‘zda tutilgan.