1977-yildagi Chet el korrupsiyaviy amaliyotlari to‘g‘risidagi qonun (FCPA) (15 U.S.C. § 78dd-1 va boshqalar) Amerika Qo‘shma Shtatlari federal qonuni bo‘lib, AQSh fuqarolari va tashkilotlariga o‘z biznes manfaatlarini ko‘zlash maqsadida chet el hukumat amaldorlariga pora berishni taqiqlaydi.
FCPAning poraxo‘rlikka qarshi qoidalari AQShning barcha jismoniy shaxslari hamda qimmatli qog‘oz emitenti bo‘lgan ayrim xorijiy subyektlarga nisbatan qo‘llaniladi. 1998-yilda kiritilgan o‘zgartirishlardan so‘ng, ushbu qonun AQSH hududida bevosita yoki vositachilar orqali korrupsion to‘lovlarni amalga oshirishga ko‘maklashadigan chet el firmalari va shaxslariga ham tatbiq etila boshlandi.
FCPA poraxo‘rlikka qarshi kurash maqsadlaridan kelib chiqib, 1934-yildagi Qimmatli qog‘ozlar birjasi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritadi va AQShda qimmatli qog‘ozlari ro‘yxatga olingan barcha kompaniyalardan aniq va shaffof moliyaviy hisobot yuritish hamda ichki buxgalteriya nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish kabi muayyan hisob yuritish talablariga rioya etishni majburiy etib belgilaydi.
FCPA qonuni AQSh Adliya departamenti (DOJ) hamda Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi (SEC) tomonidan birgalikda ijro etiladi. Bunda DOJ jinoiy javobgarlik choralarini, SEC esa fuqarolik-huquqiy jazolarni qo‘llaydi.
Qonun qabul qilinganidan beri FCPA turli bahs-munozaralar va tanqidlarga sabab bo‘ldi, xususan, uning qo‘llanilishi AQSh kompaniyalarini xorijda investitsiya kiritishdan to‘xtatadimi-yo‘qmi degan savol ko‘tarilgan. Keyinchalik, 1988-yilda qonunga o‘zgartirish kiritilib, poraxo‘rlikni aniqlash uchun isbot darajasi yanada yuqorilandi. 2025-yilda iqtisodchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aksariyat iqtisodchilar FCPA qonunini bekor qilish butun dunyoda poraxo‘rlik va korrupsiya darajasining oshishiga olib keladi, degan fikrni bildirgan. So‘rovda ishtirok etgan iqtisodchilardan birortasi ham qonunni bekor qilish AQSh kompaniyalarining uzoq muddatli foydasi yoki raqobatbardoshligini oshiradi, degan fikrni ilgari surmagan.
Ta’siri
FCPA qonunining ta’siri nihoyatda katta bo‘lib, u kompaniyalarning butun dunyo bo‘ylab faoliyat yuritish tarzidan tashqari, hukumatlarning korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmlarini ham o‘zgartirdi. Ushbu qonun nafaqat AQShda korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar bo‘yicha xabardorlik va nazoratni kuchaytirdi, balki boshqa mamlakatlarni ham shunga o‘xshash qonunlarni qabul qilishga undadi va natijada poraxo‘rlik va korrupsiyaga qarshi kurashda xalqaro darajada muvofiqlashtirilgan yondashuv shakllanishiga turtki berdi. FCPA hamda unga o‘xshash korrupsiyaga qarshi qonunlar kompaniyalar uchun investorlar ishonchini oshirishga ham xizmat qildi. Bu orqali investorlar kompaniya boshqaruv kengashining qanchalik axloqiy tamoyillarga sodiq va FCPA talablariga rioya etuvchi ekanini, shuningdek, biznesni halol va ishonchli asosda yuritayotganini baholay olish imkoniga ega bo‘ldilar. Mazkur qonun kompaniyalarning o‘z ichida mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan korrupsiya xavflariga nisbatan o‘zini-o‘zi tahlil qilish va nazorat qilish madaniyatini ham shakllantirdi. Shu bilan birga, u biznes etikasini o‘qitish va tadqiq etish sohasining rivojlanishiga ham sabab bo‘ldi. Bugungi kunda talabalarga va kelajakdagi biznes mutaxassislariga kompaniya ichida yoki xalqaro bozorlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish uchun zarur bilimlarni beruvchi sertifikat dasturlari va maxsus kurslar mavjud.