“WikiKitob” tanlovi nizomi

“WikiKitob” tanlovi nizomi
08 Oktabr, 2025
483 koʻrilgan

“WikiKitob” tanlovi nizomi

I. Umumiy qoidalar

1.1. WikiMarafon va “Asaxiy Books” bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan   “WikiKitob” tanlovi (matn davomida Tanlov deb yuritiladi) O‘zbekcha Vikipediya sifatini oshirish, kitobxonlikka qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy loyiha hisoblanadi.

1.2. Tanlov o‘z faoliyatini WikiMarafon jamoasi va Asaxiy Books, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida olib boradi. 

1.3. Tanlov WikiMarafon nizomi, Asaxiy Books ustavi hamda ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

1.4. Tanlov o‘zining maxsus belgisi (logotip), Telegram-kanali va internet saytiga ega bo‘lishi mumkin.

II. Tanlovning maqsad va vazifalari

2.1. Tanlovning asosiy maqsadi – talaba va oʻquvchilar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, shuningdek, ularning darsdan boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va kitob mutolaasini keng targʻib qilish, yoshlarni oʻz mustaqil fikriga ega, dunyoqarashi keng qilib tarbiyalash va qoʻllab-quvvatlashdan iborat;

2.2. Tanlovning vazifasi – talaba va oʻquvchilarning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish, ularning soʻz boyligini kengaytirish, ijtimoiy faolligi va millat taqdiriga daxldorligini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;

2.3. Tanlovni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:

yoshlarning barcha qatlamlarini kitob o‘qishga da’vat etish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhit shakllanishiga erishish; yoshlar ongida Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilim-ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish;

o‘zbek va jahon adabiyotining sara namunalarini keng targ‘ib etish, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, O‘zbekcha Vikipediya orqali adabiy bilimlarni mustahkamlash va raqamli ma’naviyatni rivojlantirish.

III. Tanlovni oʻtkazish tartibi

3.1. Tanlov “WikiMarafon” va “Asaxiy Books” tashkiliy jamoasi tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi;

3.2. Tanlov “WikiKitob” nizomi qoidalari bo‘yicha tashkil etiladi;

3.3. Tanlov bir bosqichda, onlayn formatda tashkil etiladi;

3.4. Loyiha davomiyligi – tanlov 10-oktyabrdan 15-oktyabrgacha davom etib, natijalar 17-oktyabrgacha e’lon qilinadi.

 

IV. Tanlov ishtirokchilari

4.1. Tanlovda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiladigan barcha kitobxonlar ishtirok etishi mumkin;

4.2. WikiMarafonning boshqa ost va yonloyihalarida qatnashayotganlar ham “WikiKitob” loyihasida ishtirok eta olishi mumkin.

V. Tanlovda ishtirok etish

5.1. Mazkur tanlov yakka tartibdagi musobaqa boʻlib, unda qatnashish uchun talabgorlar @WikiTanlov_bot orqali ro‘yxatdan o‘tadi (@WikiTanlov_bot WikiMarafon jamoasi tomonidan tayyorlanadi);

5.2. Telegram bot orqali belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtilgandan so‘ng, maxsus oyna orqali 40 ta testni yechishlari lozim. Testlar O‘zbekcha Vikipediyada mavjud kitoblarga oid maqolalar yuzasidan tuziladi. Test uchun umumiy 60 daqiqa vaqt beriladi. Testlar barcha ishtirokchilar uchun faqat 1 kun ya'ni 15-oktyabr kuni ochiladi.

5.3. Telegram bot orqali belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan ishtirokchilar bot taqdim qiladigan maxsus havolani doʻstlariga ulashish orqali tanlov targʻiboti bo‘yicha maxsus tanlovda qatnashishi mumkin;

5.4. Ishtirokchilarga har bir taklif qilgan doʻsti uchun 1 referal ball beriladi;

5.5. Tanlovning test natijalari bo‘yicha ishtirokchilarning natijalari teng kelib qolgan taqdirda, testni bajarib bo‘lgan vaqtga qaraladi. Qo‘shimcha natijalari yuqori bo‘lgan ishtirokchiga ustunlik beriladi;

5.6. Tanlovning yakuniy natijalari 2 kun muddat ichida ishtirokchilarga maʼlum qilinadi.

5.7. Tanlov davomida ishtirokchining ikki yoki undan koʻp akkountlardan ishtirok etayotganligi aniqlansa, tanlovdan chetlatiladi va natijasi bekor qilinadi.

VI. Gʻoliblarni taqdirlash

6.1. Tanlovda yuqori oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar quyidagi tartibda taqdirlanadi:

1-oʻrin 10 dona kitob va elektron sertifikat;

2-oʻrin 10 dona kitob va elektron sertifikat;

3-oʻrin 10 dona kitob va elektron sertifikat; 

4-oʻrin 10 dona kitob va elektron sertifikat;

5-oʻrin 10 dona kitob va elektron sertifikat;

6-oʻrin 8 dona kitob va elektron sertifikat;

7-oʻrin 8 dona kitob va elektron sertifikat;

8-oʻrin 8 dona kitob va elektron sertifikat;

9-oʻrin 8 dona kitob va elektron sertifikat;

10-oʻrin 8 dona kitob va elektron sertifikat;

6.2. “Eng faol targʻibotchi” nominatsiyasi gʻoliblari quyidagicha taqdirlanadi:

1-oʻrin 1 nafar – 8 dona kitob va elektron sertifikat;

2-oʻrin 1 nafar – 8 dona kitob va elektron sertifikat;

3-oʻrin 1 nafar – 8 dona kitob va elektron sertifikat;

6.3. Tanlovning saralash bosqichida test ishlagan hamda final bosqichida ishtirok etib, yuqori oʻrinlarni egallay olmagan ishlagan barcha ishtirokchilar natijasidan qatʼiy nazar elektron sertifikat bilan taqdirlanadi.

VII. Yakuniy qoidalar

7.1. Tanlov davomida tashkilotchilar ishtirokchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatishini (onlayn yuborishini) talab qilish hamda yuqori o‘rindagi ishtirokchilarning natijalariga shubha paydo bo‘lganida ular bilan videochat yoki telefon orqali qo‘shimcha savol-javob o‘tkazish vakolatiga ega.

7.2. Tanlov davomida nizomda koʻrsatilmagan fors-major holatlar yuzaga kelsa ishchi guruh yakuniy qarorni qabul qiladi.

Shohjahon Sobirov
Muallif: Shohjahon Sobirov

Dasturlash, texnologiya va taʻlim sohalari boʻyicha ekspert.